1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldi.

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi

Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

 

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

 

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish ekani taʼkidlandi.

 

Shu maʼnoda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.

 

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi.

 

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

 

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.

 

Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

 

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qo‘shma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

 

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlari muntazam o‘tkazilishi taʼkidlandi. Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Davlat rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика