
Suhbat avvalida davlat rahbari Eron prezidentini yuksak davlat lavozimiga saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, masʼuliyatli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, baliqchilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda biznes loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar surʼatini davom ettirish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash maqsadida qo‘shma Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, “yo‘l xarita”si asosida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish istiqbollari hamda ikki mamlakat tranzit salohiyatini samarali ishga solish imkoniyatlari vakolatli idoralar darajasida puxta o‘rganiladi.
Davlat rahbarlari mintaqa kun tartibidagi masalalarni, shu jumladan Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqdilar.
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga kelgach, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


