1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat / 
  4. Shavkat Mirziyoyev Italiya rahbari bilan muzokara o‘tkazdi

15:04 / 08.06.2023

779

Shavkat Mirziyoyev Italiya rahbari bilan muzokara o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Italiya rahbari bilan muzokara o‘tkazdi

Muloqotda iqtisodiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

 

Rim shahridagi Kvirinal saroyida 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

 

Davlat rahbari tashrif bilan kelish taklifi va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Serjo Mattarella va Italiya xalqini kuni kecha o‘tgan milliy bayram – Respublika eʼlon qilingan kun bilan qutladi.

 

Italiya Prezidenti Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda mamlakatning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

 

Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.

 

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda Pietro Fiorentini, Terra-nova, Danieli, Imagro, Ansaldo, Saipem kabi yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

 

Prezidentlar kuni kecha o‘tgan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan kelishuv va shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

 

Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.

 

Bundan tashqari, taʼlim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil O‘zbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib kelmoqda.

 

Yil boshidan mamlakatga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko‘paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

 

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.

 

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarellani mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

 

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика