Sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida dehqon-fermerlarning manfaati, daromadi oshib, mahsulot ko‘paydi, klaster tizimi rivojlanib, yuqori unumli texnika va chuqur qayta ishlash kirib keldi, yangi navlar va agrotexnologiya ko‘paymoqda.
Jumladan, o‘tgan yili sohada ishlab chiqarish 4,1 foizga o‘sib, 426 trillion so‘mni tashkil qildi. Eksport esa qariyb 2 milliard dollarga yetdi. 152 ming gektar bog‘ va tokzorlar barpo qilindi.
Bu yil ilk bor 3 million 700 ming tonna paxta, 8 million tonna g‘alla hosili olindi. Bunday raqamlar yaqin tariximizda hech qachon bo‘lmagan.
Yer va suv resurslari cheklangan sharoitda qishloq xo‘jaligi masʼullari joriy yilda mutlaqo yangicha ishlashi zarurligi qayd etildi.
Lekin tannarxni kamaytirish, yuqori hosil beradigan urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish, sanoat muhitini olib kirish bo‘yicha ayrim mutasaddilar va hokimlar yetarlicha ishlamayotgani tanqid qilindi.
Joriy yilda tumanlarga hosildor urug‘larni yetkazib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, paxta va g‘allada hosildorlikni yana-da oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, o‘g‘it tannarxni 15 foizga kamaytirib, qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan taʼminlash vazifasi qo‘yildi.
Bu yildan ilk bor chetdan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berildi.
Lekin, shu paytgacha Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari bir to‘xtamga kelib, qayerdan, qanday navli urug‘ olib kelib, qayerga ekishni hal qilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish topshirildi. Umuman, joriy yilda 100 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish muhimligi taʼkidlandi.


