O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boshida "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga mukofotlarni topshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan bir qator tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida AQSHlik tadbirkor, Paxtakor tumanidagi “Silverleafe” qo‘shma korxonasi bosh direktori Daniyel Patterson ham bor. U “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rilgan.
Shuningdek, yana ko‘plab tadbirkorlar «Mehnat shuhrati», “Do‘stlik” ordenlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Davlat rahbari taqdirlash marosimida bugungi kundagi tadbirkorlik haqida fikr bildirdi.
"Qonunchilik palatasiga ham murojaat qildik, kerak bo‘lgan qonunlarniyam o‘zgartiramiz. Bugungi ochiq muloqotda ham o‘z takliflarimni aytaman. Bu takliflarimdan keyin savollar ham kamayadi, deb o‘ylayman. Bu kimgadir yoqadi-yoqmaydi, men sizlarning birinchi advokatlaringman. Bepul advokat", — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, bu yil ikkinchi marotaba tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilmoqda.


