1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda yangi IES qurilishini boshlab berdi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda yangi IES qurilishini boshlab berdi

 

Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida gapirdi.

 

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo‘lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

 

Surxon vohasi neft, gaz, ko‘mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko‘p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo‘lsa-da, ular yetarli darajada o‘zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Shuningdek, stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni elektr bilan taʼminlaydi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

Loyiha Germaniyaning «Siemens Energy», Fransiyaning YEDF, Niderlandiyaning «Stone City Energy» kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat rahbari bunga alohida eʼtibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini taʼkidladi.

 

«Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming megavattdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Hozirgi kunda mamlakatda quvvati 9 ming megavatt bo‘lgan yana 19 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod. Prezident tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor taʼkidladi.

 

Davlat rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Mazkur stansiyani 2024-yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика