IHTning 16-sammitida Mirziyoyev turizm yo‘nalishi bo‘yicha ham qator takliflarni ilgari surdi.
"Yaqinda 140 dan ortiq davlatlar ishtirokida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasi mintaqamiz sayyohlik salohiyatiga butun dunyo eʼtiborini jalb etish borasida tarixiy voqea bo‘ldi.
Bugungi kunda Tashkilot makonida YUNESKOning 90 ga yaqin Butunjahon merosi obyektlari joylashgan bo‘lib, mamlakatlarimizga har yili salkam 80 million xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda.
Transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etaman.
Tashkilotimiz Kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. Uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Tashkilotimizning turizm poytaxti deb eʼlon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazishga tayyormiz.
Shuningdek, aʼzo davlatlarni Samarqandda ochilgan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz", — dedi Davlat rahbari.


