Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pekin shahriga tadbirlarga boy amaliy tashrifi yakunlandi.
Tashrif chog‘ida davlat rahbari Xitoy Raisi Si Szinpin va Vyetnam Prezidenti Vo Van Txiong bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi, ushbu mamlakatning yetakchi «Ameri International», “CAMCE”, «China Energy», «State Grid» korporatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumiga kelgan delegatsiyalar rahbarlarini tantanali kutib olish marosimida ishtirok etdi.
Yubiley forumning ochilishida qatnashib, davlatimiz rahbari “yashil” taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan yalpi sessiyasida nutq so‘zladi, Xitoy hamda “Makon va yo‘l” tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlangach, Prezident Toshkentga jo‘nab ketdi. “Shoudu” xalqaro aeroportida Oliy martabali mehmonlarni XXR favqulodda vaziyatlar vaziri Van Syansi va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.


