28 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov BBC World News’ning Yevrosiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Sergey Stanovkin bilan uchrashdi.
Asadovning ma’lum qilishicha, so‘nggi uchrashuvdan buyon BBC bilan hamkorlik doirasida qariyb 10 ta loyiha amalga oshirilgan. Xususan, telekanal O‘zbekistonda o‘tgan Buxorodagi zamonaviy san’at biyennalesi, Samarqanddagi UNESCO Bosh konferensiyasi sessiyasi kabi yirik tadbirlar va boshqa muhim voqealarni muntazam yoritib bordi.
Uchrashuvda media sohasidagi hamkorlikning istiqboldagi rejalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Raqamli davrda xavfsiz va mas’uliyatli jurnalistikaning dolzarbligi, sun’iy intellekt texnologiyalarining tez tarqalishi fonida faktcheking, professional tahlil ko‘nikmalari va media savodxonligini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Sherzod Asadov bundan avval ham, shu yilning fevral oyida Sergey Stanovkin bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.


