Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida shifokor ayovsiz kaltaklangani aks etgan videolavha tarqaldi.
Aniqlanishicha, Boysun tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limida shu yil 9 yanvar sanasida navbatchilik qilayotgan shifokor F.J. va fuqaro Sh.X. o‘rtasida shaxsiy masala yuzasidan tortishuv kelib chiqqan. Oqibatda kelishmovchilik janjalga aylanib, shifokor olgan tan jarohati tufayli hushini yo‘qotgan.
So‘ng jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga "Burun suyagining yopiq sinishi. O‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi. O‘ng yuqori jag‘ jarohati" tashxisi bilan yotqizilgan. Hozir bemorning ahvoli o‘rta og‘ir. Davo muolajalari belgilangan standartlar asosida olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan bugun Boysun tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


