Shimoliy Orol dengizidagi suv hajmi kelgusi besh yil ichida 34 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, Shimoliy Orol dengizini saqlab qolishga qaratilgan asosiy chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi yaqin besh yil ichida sezilarli natija berishi kutilmoqda. Xususan, dengizdagi suv zaxiralari deyarli ikki barobarga oshishi mumkin.
Nurjigitovga ko‘ra, 2025-yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha muhim bitimni imzolagan. Diplomatik sa’y-harakatlar hamda Sirdaryo havzasidagi suv omborlarining kelishilgan ish rejimi hatto kam suvli yillarda ham Shimoliy Orolga barqaror suv oqimini ta’minlash imkonini bergan.
Natijada Shimoliy Orol dengizining suv hajmi 2023-yil boshidagi 18,4 milliard kub metrdan hozirgi 23 milliard kub metrgacha oshgan.
“Shimoliy Orol dengizini saqlash loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida Ko‘karal to‘g‘onini qayta qurish va dengiz sathini Boltiq tizimi bo‘yicha 44 metrgacha ko‘tarish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, Shimoliy Orol yuzasi 3913 kvadrat kilometrgacha, suv hajmi esa 34 milliard kub metrgacha yetadi. Dengizni bu darajagacha to‘ldirish uchun to‘rt-besh yil talab etiladi”, — dedi vazir.


