Ushbu holat joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yuz bergan.
Maʼlum qilinishicha, Olmazor tumanidagi maktablarning birida 9-sinf o‘quvchilari maktab o‘qituvchisi bilan toqqa dam olgani chiqqan bo‘lgan. Marhuma qiz rasmga tushish uchun tosh ustiga chiqqan va ehtiyotsizlik sabab suvga tushib, oqib ketgan. Bir necha daqiqalardan so‘ng, uning jonsiz tanasi suvdan topilib, olib chiqilgan.
Onasining taʼkidlashicha, bir necha oy oldin qizi sinfdoshlari bilan Nanayga borayotganini aytgan:
"Aytganda, rosa jahlim chiqdi. Nima qilasan, maktab o‘quvchilari toqqa borib dedim. Ota-onalar kengashi bilan gaplashsam, xotirjam bo‘ling, oldida o‘qituvchilari bor. Xohlasangiz o‘zingiz ham boring, deb aytdi. Ko‘nglim bo‘lmay jo‘natdim.
O‘sha kuni menga begona raqamdan telefon bo‘lib, qizingiz o‘lib qolgan, deb maʼlumot berdilar. Ota-onalar “komiteti” bo‘lsa, oyisi bilmay qoldim, ko‘zimni oldida oqib ketdi, deyapti. Mendan qanaqadir narsani berkitishyapti. Maktab rahbariyati esa ota-onasi bilan chiqib, cho‘kib ketgan, deb maʼlumot bergan. Men o‘qituvchisiga ishonib bolamni topshirgandim, o‘qituvchisi bo‘lsa men yo‘q edim, deb turibdi".
Maktab direktorining maʼlum qilishicha, toqqa sayohat o‘quvchilarining ota-onalari tashabbusi bilan tashkil qilingan. Sayohatga sinfdan faqat 6 nafar o‘quvchi chiqqan. Direktor o‘quvchilar toqqa yakshanba kuni chiqqanligini, maktab imtihonlari bir necha kun oldin tugaganligini, o‘qituvchi va o‘quvchilarga taʼtil berilganligini taʼkidlagan.
Hozirda holat yuzasidan Bo‘stonliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jarayon viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.


