1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Singapur Prezidenti O‘zbekistonga keldi

Halima Yaqubni Bosh vazir o‘rinbosari kutib olgan.

Singapur Prezidenti O‘zbekistonga keldi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23 may kuni Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.

 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va boshqa rasmiylar kutib oldi.

 

Singapur rahbarining tashrifi dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

 

Sammit kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yana-da rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat yetakchi kompaniya va bank institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalariga ko‘maklashish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

 

Prezident Halima Yaqub O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, diniy konfessiyalar rahbarlari bilan ham uchrashadi, ishbilarmon doiralar biznes-forumining ochilishida va qo‘shma taʼlim markazi faoliyatining taqdimotida ishtirok etadi.

 

Bundan tashqari, Singapur Prezidenti Samarqand shahriga tashrif buyurib, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ushbu ko‘hna markazning boy madaniy-tarixiy va sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.

 

Prezident Halima Yaqub mamlakatga javob tashrifi bilan kelmoqda. Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston yetakchisi Singapurga davlat tashrifi bilan borgandi.

 

Joriy yil boshidan o‘zaro tovar ayirboshlash 6 barobar ko‘paydi. Singapur O‘zbekistonning eng yirik investorlari qatoriga kirdi. Bugungi kunda transport, energetika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, shaharsozlik, taʼlim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика