Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan edi.
Ushbu elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan. Bu haqda Energertika vazirligi xabar berdi.
Shu sababli stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida, investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Og‘irligi 114 tonna bo‘lgan qurilma aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr stansiyasi maydoniga yetkazildi.
Barcha jarayonlar tegishli vazirlik va idoralar, investor, pudratchi va texnologik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yangi rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi.
Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qo‘shimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilyotgan bloklardan foydalanilyapti.
Hozirgi kunda havo bulutli (kam quyoshli) bo‘layotganligi va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli, ishlab chiqarish va iste’mol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr ta’minotida asosan iste’mol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oralig‘ida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin. Agar bunga zarurat tug‘ilsa, iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr ta’minoti barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi rotor gaz turbinasiga o‘rnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr ta’minotida vaqtincha ko‘rilayotgan choralarlarning oldi olinadi.


