Prezidentimizning “Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Maʼlum qilinishicha, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida zamonaviy “H” toifasidagi kombinatsiyalangan siklda ishlaydigan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiya 2026 yilda ishga tushiriladi. Loyiha doirasida foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatish xisobiga yiliga 12 mlrd kvt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ahamiyatli jihati, obyekt qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushirilgandan so‘ng esa 120 nafar doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Mazkur yirik loyiha xalqaro ochiq tender savdolarini o‘tkazish orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.


