
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud. Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llanilgan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish, 2021 yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.
«Shuningdek, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan, jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur. Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali, biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.
Hozirda 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan. Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani, meni xavotirga solmoqda. O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, 2021 yilning 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan.
Shuning uchun, Qo‘chqorov, Ishmetov, Qudbiyev, Davletov, Qosimov bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin», — deydi Mirziyoyev.


