Davlat rahbari yig‘ilish davomida Toshkent shahrida soliq intizomini ta’minlashdagi jiddiy kamchiliklarga yana bir bor e’tibor qaratdi. Xususan, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan “Chorsu” bozorida to‘lov intizomi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, “Malika” savdo kompleksida esa holat yanada og‘ir ekani tanqid qilindi.
Ma’lum qilinishicha, “Malika” savdo majmuasida qariyb 1,5 ming nafar tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning atigi to‘rtdan biri belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, tadbirkorlarning 25 foizi oyiga 1 million so‘mdan kam miqdorda soliq to‘lamoqda. 2025-yil dekabr oyida plastik kartalar orqali amalga oshirilgan 600 milliard so‘mlik savdo tushumlari yashirilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, Toshkent shahar soliq boshqarmasi tomonidan budjet rejasini asosan halol va faol ishlayotgan tadbirkorlardan ortiqcha to‘lov undirish hisobiga bajarilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 46,4 mingta korxonadan jami 876 milliard so‘m miqdorida ortiqcha soliq to‘lovlari undirilgan.
Soliq qo‘mitasi tizimida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha sun’iy ravishda ortiqcha to‘lov shakllantirib, uni davlat budjetidan noqonuniy qaytarish holatlari ko‘paygani qayd etildi. O‘tgan yil davomida QQSni noqonuniy qaytarish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 20 nafar soliq xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan, yetti yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi keskin tanqid qilindi. Yig‘ilishda M. Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Y.Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.
Qo‘mita raisi F.Po‘latov va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni bugunning o‘zida ishdan olish topshirildi.
A.Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan M.Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.


