Xalq ta’limi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi. Bu bo‘yicha vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirni tashkil etish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib, barcha maktablarga yuborgan. Tadbirlar maktab hovlisi bog‘ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o‘tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.
Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.
“Shu o‘rinda barchaga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlari undirish qat’iyan taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilarga bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.q.da banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etishni oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi.


