1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

SSV: iyun-iyul oylarida xususiy tibbiyot klinikalarida davolangan 31 nafar “COVID-19”ga chalingan bemor og‘ir ahvolga tushib qolgan

“COVID-19” infeksiyasini davolashda qatnashayotgan baʼzi xususiy tibbiyot muassasalari shartnomada ko‘rsatilgan talablarga to‘la amal qilmayapti. U yerdagi bemorlarning barchasi ham belgilangan ko‘rsatmalar asosida davolanayotgani yo‘q.

SSV: iyun-iyul oylarida xususiy tibbiyot klinikalarida davolangan 31 nafar “COVID-19”ga chalingan bemor og‘ir ahvolga tushib qolgan

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

Jumladan, bemorlarning kasallik tarixlari tahlil qilinganda ayrim nodavlat klinikalarda kasallarga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq antibiotik va gormonlar buyurilayotgani maʼlum bo‘lmoqda.  

Ayrim xususiy klinikalarda esa bemorlarga davolash standartlariga zid ravishda meʼyordan ortiq darajada  infuzion suyuqliklar quyilayotgani aniqlanmoqda.

Shuningdek, yetarli bilim va saviyaga ega bo‘lmagan, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilinmagan bunday shifoxonalarda muolaja olayotgan ko‘plab bemorlar og‘ir asoratlar bilan ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilmoqda. Bu esa tig‘iz ish tartibida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar ishini yana-da qiyinlashtirmoqda.

— “COVID-19” infeksiyasiga chalingan bemorni kasallikning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bir vaqtning o‘zida bir necha antibotik va gormonlarni qo‘llash xastalikning tez suratda og‘ir shaklga o‘tib ketishiga sabab bo‘ladi, — deydi Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOV. — Afsuski, bugun uy sharoitida, qolaversa, baʼzi xususiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolashda aynan ana shu xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Buning natijasida joriy yil iyun-iyul oyida birgina Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda poytaxtimizdagi  20 dan ziyod xususiy tibbiyot klinikasida davolangan 31 nafar “COVID-19”ga chalingan bemor og‘ir ahvolda olib kelingan.

Bugunga kelib, ushbu bemorlarning 7 nafari  shifokorlarimizning saʼy-harakatlari sabab kasallikdan butunlay sog‘aygan bo‘lsa, qolgan  bemorlar esa  jonlantirish bo‘limida  davo muolajalarini olmoqda. Eng yomoni, ushbu bemorlar orasida o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda. Bu esa achinarli holatdir.

Joriy yil 21 iyul kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro U.Sh. Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan. Bungacha bu bemor o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida, so‘ng poytaxtimizdagi xususiy klinikalarning birida antibakterial, puls terapiya, virusga qarshi antikogulyant davo choralarini olgan. Bemorning umumiy ahvolida o‘zgarish bo‘lmagach, bizga murojaat qilgan.

Bemorda koronavirus infeksiyasining og‘ir darajada kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘pka shishi, ORDS sindromi kabi belgilar aniqlangan. Afsuski, kerakli tekshiruv va davo muolajalariga qaramasdan, bu bemor shu yil 29 iyul kuni vafot etgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика