Ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib turgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi qator taʼlim tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonda xorijiy til sifatida arab tili o‘qitiladigan maktablar uchun o‘quv-metodik majmualarni takomillashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Abu Dabida vazir BAAning “Emirates National School” ixtisoslashtirilgan maktabida BAA Prezidenti Devonining taʼlim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibi o‘rinbosari Doktor Abdulloh Mug‘robiy bilan uchrashdi.
Unda STEM fanlari hamda arab tilini o‘qitish bo‘yicha BAAdan mutaxassislarni jalb etish kabi sohalarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirligi Prezidenti Devonining taʼlim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibiyati o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Alef raqamli taʼlim platformasini O‘zbekistonda mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda joriy etish masalasi ham muhokama etildi.


