NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyani Ukraina nizosini muzlatishga harakat qilayotganini aytdi. Bu haqda uning Financial Times nashriga yozgan maqolasida so‘z boradi.
Masalan, Rossiyada o‘tkazilgan qisman harbiy safarbarlik va Eron kabi davlatlardan qurol sotib olish orqali shunday xulosaga kelish mumkin.
“Rossiya urushni muzlatib qo‘ymoqchi, bu orqali o‘z kuchlarini qayta guruhlash, qayta qurollanish va yangi hujum boshlashga umid qilmoqchi”, – deb qayd etgan bosh kotib.
Uning fikricha, hozirda Moskva haqiqiy tinchlikka intilmayapti.
Ukraina va NATO bir necha bor Rossiyani Erondan dron sotib olayotganini aytgandi. Eron keyinchalik haqiqatdan ham RFga uchuvchisiz qurilmalar sotganini, ammo bu urushdan bir necha oy oldin amalga oshirilganini tan olgandi. O‘z navbatida Moskva hech kimdan qurol sotib olmayotganini taʼkidlab kelmoqda.


