“SEMURG SUG‘URTA” AJ QKning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00039-sonli, “ISHONCH SUG‘URTA KOMPANIYASI” AJ QKning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00045-sonli, “KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi” AJning 2017 yil 11 dekabrdagi SF 00222-sonli hamda “XALQ SUG‘URTA” AJning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00054-sonli litsenziyalarining amal qilish muddati 2022 yil 03 iyun sanasidan boshlab o‘n kun muddatga to‘xtatildi.
Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu davr mobaynida sug‘urtalovchiga yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, shu jumladan amaldagi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi. Ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha esa o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart.
Sug‘urta tashkilotlari tomonidan ular faoliyatidagi qonunchilik talablarining buzilishi holatlari bartaraf etilganligini asoslovchi hujjatlar ushbu muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga taqdim etilishi lozim.
Aks holda, ushbu sug‘urta tashkilotlariga nisbatan sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarining amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda o‘n kundan ortiq, lekin olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatish choralari ko‘riladi.


