Joriy yilning 30 may kuni soat 16:00 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Hamkorlik” mahallasi raisining yashash uyiga, ushbu mahallada yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, giyohvand shaxs sifatida profilaktik nazoratga olingan A.I., mast holda bostirib kirib, maishiy muammolarini ro‘kach qilgan holda mahalla raisi va uyda bo‘lgan oila aʼzolarining tinchligini buzib, janjal ko‘targan.
Voqea joyiga yetib kelgan mahalla profilaktika inspektori tartibbuzar fuqaro voqea joyidan nomaʼlum tomonga qochib ketganligiga guvoh bo‘lgan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida, shu kuni soat taxminan 19:00 atrofida A.I. o‘z uyiga qaytib kelganligi aniqlanib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazish hamda mahalla raisiga nisbatan sodir etgan huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida tartibbuzarning xonadoniga borgan xodim, xonadon egasining keskin qarshiligiga uchragan.
Xonadon egasi, bolta bilan profilaktika inspektoriga hujum qilib, uning chap qo‘l tirsagini yaralaganiga qaramasdan, jismoniy kuch ishlatilib, huquqbuzar zararsizlantirilgan. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.
Shundan so‘ng, xodim xonadon qo‘shnilari va voqea joyiga yetib kelgan hamkasblari yordamida shifoxonaga yetkazilgan. Tibbiy ko‘rik natijasida chap tirsak pastki qismi suyaklarining ochiq singanligi va qon tomirlarining kesilishi oqibatida ko‘p qon yo‘qotganligi aniqlanib, tezkorlik bilan tegishli muolajalar ko‘rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.


