Surxondaryoda yo‘lovchi poyezdi avtomobil to‘qnashib ketdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, 21-iyun kuni soat taxminan 08:00 lar atrofida Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanidagi qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasi orqali harakatlangan Jiguli rusumli transport vositasida nosozlik yuzaga kelib, temir yo‘l ustida to‘xtab qolgan.
Oqibatda avtomobil va yo‘lovchi poyezdi ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, haydovchi va yo‘lovchilar avtomashinani tark etishga ulgurgan. Hodisa natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Hozirda mazkur YTH yuzasidan Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.


