Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, ko‘zi sababli birinchi guruh nogironi Shahnoza Gulboyeva “Daryo” nashriga murojaat qilib, o‘z oilasiga 2018 yilda prezident sovg‘asi sifatida tantanali topshirilgan uy-joy keyinchalik ipoteka krediti asosida olingani aniqlanganini maʼlum qilgan.
Uning aytishicha, oila 2018 yil 1 mart kuni mazkur xonadonga ko‘chib kirgan. Biroq oradan bir necha oy o‘tgach, uy kredit asosida berilgani va qarzni to‘lash lozimligi haqida ogohlantirilgan. Hozirda kredit to‘lovlari oila aʼzolarining pensiya va nafaqa mablag‘laridan undirilmoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, ikki nafar farzandning ota-onasi bo‘lgan Shahnoza Gulboyeva va Parda Safarqulovlarga uch xonali uy 2018 yilda Denov tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida prezident sovg‘asi sifatida rasman topshirilgan. Marosimda viloyatning o‘sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov hamda tuman hokimi Normo‘min Choriyev ishtirok etib, uylar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan sovg‘a qilinayotgani taʼkidlangan.
Keyinchalik aniqlanishicha, mazkur uy “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan ajratilgan 137 million 400 ming so‘m miqdoridagi ipoteka krediti evaziga xarid qilingan.
Ayni paytda oila kreditni to‘lashda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Murojaatchilarning aytishicha, dastlab hokimlik tomonidan vaqtincha ish bilan taʼminlanib, paxta zavodiga biriktirilgan. Oila aʼzolari tikuvchilik mahsulotlari tayyorlab, kredit to‘lovlari shu orqali qoplanib kelgan. Biroq zavod faoliyati to‘xtatilgach, kredit majburiyatlari yana oilaning zimmasida qolgan.
Hozirgi vaqtda kredit bo‘yicha qarzdorlik 170 million so‘mga yaqinlashgan. Shahnoza Gulboyeva davlat tomonidan to‘lanayotgan 1 million 600 ming so‘m miqdoridagi nafaqa mablag‘ining 700 ming so‘mi har oy kredit hisobiga ushlab qolinayotganini, qolgan summa esa dori-darmon xarajatlariga ham yetmayotganini bildirdi.
Parda Safarqulovning taʼkidlashicha, turmush o‘rtog‘i Shahnoza Gulboyeva onkologik kasallik bilan ham og‘riydi. Shunga qaramay, kredit masalasi hanuzgacha to‘liq hal etilmagan.
Qumqo‘rg‘on tumani hokimligining maʼlum qilishicha, mazkur holat tumandagi boshqa nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan bog‘liq o‘xshash vaziyatlar bilan birga o‘rganilgan. 2026 yil 16 yanvar kuni tuman hokimi Farrux Omonovich rahbarligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joylariga homiylar biriktirish masalasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan.
Yig‘ilish natijasida homiylar belgilanib, kredit to‘lovlarini oyma-oy qoplash bo‘yicha reja-grafik ishlab chiqilgan. Hozirga qadar kreditning 70 million so‘mlik qismi homiylar tomonidan to‘lab berilgan, qolgan qismi bo‘yicha to‘lovlarni so‘ndirish ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, hokimlik axborot xizmati rahbari Akrom Norboyev mazkur uylar haqiqatan ham prezident sovg‘asi sifatida topshirilgan yoki yo‘qligi borasida aniq maʼlumotga ega emasligini bildirgan.
Masʼullarning qayd etishicha, hozirda har oyning beshinchi sanasiga qadar kredit qarzdorligini yopish bo‘yicha grafik asosida ish olib borilmoqda va yanvar oyida o‘ndan ortiq fuqarolarning kredit to‘lovlari homiylar ko‘magida amalga oshirilgan.


