
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan quyidagi mablag‘lar ajratiladi:
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 100 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar, shundan:
-
30 mln dollar – 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik 10 foiz stavkada, 7 yil muddatga "Milliy bank" AJga. Ko‘rsatilgan bank tomonidan – boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali "Bir mahalla - bir mahsulot" tamoyili asosida amalga oshiriladigan loyihalarga kredit berish uchun. Bunda, tijorat banklari, shu jumladan "Milliy bank" AJ tadbirkorlik subyektlariga MBning asosiy stavkasiga teng bo‘lgan yillik foiz stavkasida kreditlar ajratadi;
-
10 mln dollar – “Turonbank” ATB ustav kapitalidagi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushini oshirish orqali Surxondaryo viloyatida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun;
-
60 mln dollar – 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik 7 foiz stavkada, 7 yil muddatga "Milliy bank" AJga. Ko‘rsatilgan bank tomonidan – boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past hamda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mahalla hududlarida “yetakchi” tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun. Bunda, tijorat banklari, shu jumladan "Milliy bank" AJ “yetakchi” tadbirkorlik subyektlariga har bir mahalla uchun 2 mlrd so‘mgacha mablag‘ni yillik 10 foiz stavkada ajratadi;
-
50 mln dollar – 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik 2,5 foiz stavkada, 10 yil muddatga "Milliy bank" AJga. Ko‘rsatilgan bank tomonidan - boshqa tijorat banklariga moliyaviy resurs ajratish orqali viloyatda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yangi loyihalarni moliyalashtirish, zarur infratuzilmani yaratish hamda eksportyorlarni aylanma mablag‘ bilan taʼminlash uchun.
Tog‘li va yerlari sho‘rlangan hududlarida yangidan tashkil etiladigan va shu hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan yangi tadbirkorlik subyektlari uchun (klasterlar bundan mustasno) 2021 yil 10 sentyabrdan 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda solig‘ining amalda belgilangan stavkasi 50 foizga pasaytiriladi. Ularning ro‘yxati xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan belgilab beriladi.
Surxondaryo viloyatining mahalliy sanoat korxonalari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan hamda faqat o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bojxona to‘lovlari (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan 2024 yil 1 iyulga qadar ozod qilinadi.
Mahallabay ishlash markazlari Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida 2021 yil 1 sentyabrdan, Surxondaryo viloyatining qolgan tuman (shahar)larida 2021 yil 1 noyabrdan tashkil etiladi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
-
Surxondaryo viloyati Termiz shahri hokimligi boshqaruv apparatining tashkiliy tuzilmasi;
-
Surxondaryo viloyati tumanlari hokimliklari boshqaruv apparatining namunaviy tuzilmasi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizdagi Xalqaro anjumanlar saroyida 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida “Tadbirkorlar — mening eng katta ishongan kuchim", deya taʼkidlagandi.


