Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir qator og‘ir jinoyatlar fosh etildi. Xususan, Andijon shahrida va Oltinko‘l tumanida yashovchi 1995, 1998 va 2002-yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida tanishtirib, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaroning 100 ming AQSH dollari miqdoridagi kriptoaktivlarini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi. Ular jabrlanuvchiga evaziga 160 ming AQSH dollari miqdorida qalbaki pul bergan. Tezkor tadbirda gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 va 176-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Surxondaryo viloyatida aniqlangan holatda esa Denov shahrida yashovchi, ilgari sudlangan 1993-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikiston Respublikasi fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi. U tanishiga 11 ming AQSH dollari bergan va pul qaytarilmagani sababli garov sifatida uning sherigini tutqunlikda saqlab, turli qiynoqlarga solgan. Natijada jabrlanuvchiga og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Xorazm viloyatida ham “ko‘cha yechimi” bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Urganch va Xiva shaharlarida hamda Bog‘ot tumanida yashovchi 1991, 1996 va 1997-yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaro hududiy zo‘ravonlik va jinoiy harakatlarga aloqador ekani aniqlanib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi va qamoq chorasi belgilandi.
Shuningdek, Yangiariq tumanida qimor o‘yinlari tashkil etgan 1965-yilda tug‘ilgan shaxsning xonadonidan 32 million so‘m pul va o‘yin kartalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanida esa 20 kilogrammdan ortiq marixuana saqlagan, ilgari sudlangan 1950-yilda tug‘ilgan fuqaro fosh etildi. Huquq-tartibot idoralari bu kabi salbiy holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.


