
Bunday shakldagi uchrashuv Vatanimiz tarixida ilk bor o‘tkazildi. Unda yangi O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlarga befarq bo‘lmay, tashabbus va faollik ko‘rsatayotgan tadbirkorlardan 600 nafari bevosita ishtirok etdi. 1 ming 800 nafari esa hududlarda, 8,5 ming nafari tuman va shahar studiyalarida, jami 10 mingdan ortiq ishbilarmonlar qatnashdi.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, barcha vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
So‘nggi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. So‘nggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ularga asosan, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi.
Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi subyektlar keskin ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Ko‘p ishbilarmonlar o‘z biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.
Davlatimiz rahbari ana shunday azmu shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor bo‘layotgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.
“Besh yil ilgari mazkur tizimga eʼtibor yo‘q edi. Bitta narsani yuragimdan aytmoqchiman, tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha armonlarim bor edi. Men ham viloyatlarda hokim bo‘lganman, Bosh vazir bo‘lganimda ham harakatlar natijasiz edi. Qog‘oz bor edi, amalda hech narsa yo‘q edi. Bu – haqiqat. Shu bois, mazkur muloqotni tashkil qildik. Tadbirkorlar sezsinki, ular yangi O‘zbekistonning zamini. Mana shu ochiq muloqotimizga tayyorgarlik jarayonida ko‘rdik, ulardan juda ko‘p tashabbuslar kelib tushdi. Bu tashabbuslar Prezident uchun juda ham kerak. Albatta ko‘p ishlar qildik, bular – boshlanishi. O‘zbekiston sharoitida tadbirkorlar emin-erkin ishlashi uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Biz xalqimizni rozi qilamiz desak, tadbirkorlarga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lishimiz, qonunchilikka kerakli o‘zgartishlarni kiritishimiz lozim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
15 ming murojaat yechimi uchun 7 muhim yo‘nalish
Maʼlumki, mazkur ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar so‘ralgan edi. Turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev: “Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari, amaldagi islohotlarimiz ko‘zgusidir.
Shu bois, har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni o‘zlarining faoliyatiga baho deb
bilishlari, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keskin o‘zgarishlar qilishlari zarur va shart”, deya mutassaddi tashkilot rahbarlariga qator vazifalar yukladi.
Shuningdek, Prezidentimiz o‘z nutqida tadbirkorlarning murojaatlarini hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, to‘rtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, oltinchisi – transport-logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbari har bir yo‘nalish bo‘yicha dolzarb vazifalarni ko‘rsatib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Jumladan, kredit stavkalarining yuqoriligi va ko‘plab kreditlar qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga tadbirkor uchun qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Shu bois banklarning kapitalini oshirish choralari belgilandi. Xususan, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Xorijiy banklar kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.
Yana bir muhim yangilik — banklar resursni qanday valyutada jalb qilishidan qatʼiy nazar, tadbirkorlarga kreditni so‘mda va maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.
Imtiyozlar, imkoniyatlar, qulayliklar
Maʼlumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qatʼiy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 25-30 foiz foydasiga teng edi. Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi.
Prezidentimiz bu sohada ham tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini qayd etdi. Jumladan, 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bu ularga aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi. Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida taʼkidlab, o‘tgan yili berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirishga ko‘rsatma berdi. Umumiy ovqatlanish korxonalari yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan, turizm kompaniyalari va mehmonxonalar 2 yil muddatga turistik yig‘imlardan ozod qilinadigan bo‘ldi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘idagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorga tegishli bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.Shu bois mutasaddilarga kelgusi yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Endi qishloq xo‘jaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi
Tadbirkorlarni qiynayotgan muammolardan yana biri yer ajratish bilan bog‘liq. Bu masala bo‘yicha Prezidentga 4 mingdan ziyod murojaat bo‘lgan.
Joriy yil 16 avgust kuni “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. U bilan yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.
Endi qishloq xo‘jaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Noqishloq yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi.
Ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri o‘ylantirishi tabiiy. Prezidentimiz ushbu korxonalarga hozirda egallab turgan yer maydonlari mulk qilib rasmiylashtirib berilishini taʼkidladi.
Biznes subyektlarini infratuzilma bilan taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Bu imtiyoz hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qo‘llanib kelinmoqda.
Shuningdek, kelgusi 2 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etilib, ularga ham kommunal va yo‘l infratuzilmasi davlat tomonidan yetkazib beriladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Muammolar shu joyning o‘zida hal etildi
Tadbirkorlar eʼtiroziga sabab bo‘layotgan yana bir muammo — elektr tarmoqlariga ulanishda kichik korxonalarga ham yirik zavodlar bilan bir xil talablar qo‘yilgan.
Shu bois kelgusi yil boshidan bu borada qulay tizim joriy etiladi. Elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi. Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun — 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr taʼminoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi.
Davlatimiz rahbari eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, o‘tgan yili pandemiya davrida to‘qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etilgan edi. Endi ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etilishi aytildi.
Shuningdek, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Hozirgi kunda ayrim xomashyolar importi uchun boj stavkalari yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda, ular asosida mahsulot ishlab chiqarishdan ko‘ra chetdan olib kelish arzonroq bo‘lmoqda.
Shu bois, hukumatga xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish, tadbirkorlarning yuklarini tashishni yengillashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yuk avtomobillari va temir yo‘l vagonlarini olib kirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana 3 yilga uzaytirilishi maʼlum qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish bo‘yicha ham ko‘plab ko‘rsatmalar berildi.
Muloqotda tadbirkorlar ham so‘zga chiqdi. Faoliyatida duch kelayotgan muammolarni, taklif va mulohazalarini aytdi. Ular tarmoq mutasaddilari va hokimlar ishtirokida muhokama qilindi.
Prezidentimiz bunday ochiq muloqotni anʼanaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20-avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilish taklifini bildirdi. Bu takliflar keng qo‘llab-quvvatlandi.


