Tailand va Kambodja rasmiylari 27-dekabrdan kuchga kiradigan vaqtinchalik sulhga kelishib oldilar. Bu haqda Thai PBS axborot manbasi xabar berdi.
Tailand hukumatiga yaqin manbaning ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki sulh muddati 72 soatni tashkil etadi. Mazkur kelishuv ikki tomon o‘rtasidagi harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishni nazarda tutadi.
Xabarda qayd etilishicha, sulh rejimini uzaytirish bo‘yicha keyingi har qanday qaror Tailand Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 8-dekabr kuni yana avj olgan edi. Keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda oktyabr oyida imzolangan tinchlik shartnomasiga rioya etishga qaytish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan.


