Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun 948 491 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bunda:
-
- erkaklar — 419 327 nafar (44,2 foiz) ni;
- ayollar — 529 164 nafar (55,8 foiz) ni tashkil etdi.
Test sinovi natijalariga ko‘ra, 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan bo‘lib, ularning:
-
- 100 491 nafari (52 foiz) — erkaklar;
- 92 930 nafari (48 foiz) — ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballariga eʼtibor qaratilsa, ayollar erkaklarga nisbatan yuqoriroq ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etilgan. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning o‘rtacha o‘tish bali davlat granti asosida:
-
- erkaklarda — 112,4 ballni;
- ayollarda — 125,1 ballni.
To‘lov-kontrakt asosida:
-
- erkaklarda — 88,9 ballni;
- ayollarda — 98,5 ballni tashkil etgan.
"Erkaklar va ayollarda o‘rtacha o‘tish ballarining bunday farq qilishi ular ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan taʼlim yo‘nalishlari va ulardagi o‘tish ballari bilan bog‘liq", — deyiladi xabarda.
Taʼlim sohalari bo‘yicha foiz hisobida olinganda "Ijtimoiy taʼminot" (91,7 foiz), “Tillar” (88,5 foiz) va “Taʼlim” (78,7 foiz) sohalariga ayollar, "Transport xizmatlari" (93,5 foiz), "Arxitektura va qurilish" (84,8 foiz) va "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari" (75,3 foiz) sohalariga erkaklar ko‘proq talabalikka tavsiya etilgan.


