Qarorga ko‘ra, 2022-yil iyul–sentyabr oylarida o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 364 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
2023-moliya yilidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
Shuningdek, hokimliklar byudjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning 30 foizi tuman (shahar)larda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek:
- tuman (shahar) byudjetlari mablag‘lari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayonining birinchi mavsumi – har yili fevral–mart oylarida, ikkinchi mavsumi har yili iyun–iyul oylarida;
- “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida o‘tkaziladi.


