2023 yilda tashkil etiladigan EPS-Topik test imtihonida ishtirok etish maqsadida joriy yil 6-9 fevral kunlari labormigration dasturiy majmuasida 24 942 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan.
Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga asosan nomzodlarning 9 000 nafari uchun koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni joriy yil 14 martdan 7 aprelgacha bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tgan qolgan nomzodlar uchun o‘tkaziladigan test imtihoni to‘g‘risida qo‘shimcha maʼlum qilinadi.
Imtihon Toshkent shahri Yangihayot tumani Lutfikor ko‘chasi 33-uyda o‘tkaziladi.
Nomzodlardan quyidagi hujjat va maʼlumotlar talab etiladi:
Birinchisi, xorijga chiqish pasporti;
Ikkinchisi, 3,5 X 4,5 hajmdagi oq fonli va rangli 2 dona fotosurat.
Nomzodlar ro‘yxati labormigration dasturiy majmuasida eʼlon qilingan.
Shu bilan birga, imtihonda ishtirok etuvchi nomzodlarni ogohlantirib o‘tamiz.
1. Xorijga chiqish pasportini olib kelmagan, belgilangan sana va vaqtdan kech qolgan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi.
2. Nomzodlar imtihonga belgilangan vaqtdan 1 soat oldin ko‘rsatilgan manzilga yetib kelishi va ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
3. Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga ko‘ra, EPS-Topik test imtihoni takror yoki qayta appelyatsiya tarzida o‘tkazilmaydi.
5. Elektron vositalar, xususan, mobil telefon, elektron soat, shpargalka kabilardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
6. Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, EPS-Topik test imtihoni qoidalarini buzgan fuqaro 3 yil davomida testda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Imtihon vaqtidagi har bir nojo‘ya harakatlar videokuzatuv kamerasi orqali aniqlanib boriladi.
Imtihon haqida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiy axborot kanallari orqali taqdim etilayotgan maʼlumotlardan boshqa xabarlarga ishonmaslik, vositachi shaxslar “xizmatlari”dan foydalanmaslik, turli to‘lovlarni amalga oshirmaslik so‘raladi.


