1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Telefonidan nashida topilgan yigitga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirildi

Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi. Shuningdek, advokat tomonidan Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi

Telefonidan nashida topilgan yigitga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirildi

 

Oliy sud matbuot xizmatning xabar berishicha, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasida Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023-yil 8 maydagi hukmi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 17-iyuldagi ajrimi ustidan berilgan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

 

Unga ko‘ra, kassatsiya sudlov hayʼati Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni eʼtiborga oldi.

 

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 28-iyuldagi ajrimiga muvofiq J. Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

Shuningdek, J. Ulug‘murodovning 24-fevraldan 28-iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.

 

Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi. Bundan tashqari, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi (ozodlikni cheklash) 5, 6-qismlari talablari tushuntirilib, sudlangan J. Ulug‘murodov darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.

 

Maʼlum qilinishicha, advokat A. Abdullayevning himoyasi ostidagi J. Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

 

Maʼlumot uchun, 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 2022-yilda sinfdoshlari mavjud Telegram guruhga YouTube‘dagi diniy qo‘shiq — nashida uchun havola yuborgan. Nashida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi bilan "aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan" deb topilgan. Natijada ayblanuvchiga nisbatan 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика