Temuriylar davrida yaratilgan muhtasham Qurʼon musʼhafi bosh ofisi Londonda joylashgan Kristis kim oshdi savdosi uyi yordamida topildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida Fransuz tadqiqotlar milliy markazining professori Karim Ifrakning taʼkidlashicha, ushbu qo‘lyozmaning tarixi XIV-XV asrlarga borib taqaladi.
Uning yaratilish tarixi o‘ziga xos ramziylikka ega, sababi undagi har bir so‘z oltin suvi bilan bitilgan. Kitobning zamonaviy texnologiyalarsiz, bunday usulda yaratilgani uning yana-da ulug‘vor va bebaholigini taʼminlaydi.
Maʼlum qilishlaricha, hozirda Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda qo‘lyozmaning faksimile nusxasini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ish olib borilmoqda.


