“Tez yordam” mashinalari uchun GPS yordamida sunʼiy yo‘ldosh monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bundan 6-7 yil avval tez tibbiy yordam tizimida 1868 ta avtomashina bo‘lgan. Bugun 2865 ta avtomobil aholiga sifatli xizmat ko‘rsatyapti. Shuningdek, maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilandi. Foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan avtotransport vositalarini zamonaviylariga almashtirish ishlari esa bosqichma-bosqich davom ettirilyapti.
Shuningdek, tizimdagi eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘riladi.
Unga ko‘ra, aholiga yana-da sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida “Tez yordam” uchun yana 1000 dona A toifali zamonaviy avtomashina xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi “Damas” avtomobillari to‘liq yangilanadi.
Shuningdek, olis va chekka hududlar, tog‘li va cho‘l mintaqalarida ushbu sohani rivojlantirish, tizim xodimlarining xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirish maqsadida maxsus yo‘ltanlamas avtomobillar olib kelinadi.
Joriy yil “103” xizmatida yagona Call-markaz tashkil qilinadi. Sohada kompleks axborot tizimlarini joriy etish maqsadida ularda yagona intellektual chaqiruv platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, xizmat avtotransportlari uchun GPS yordamida sunʼiy yo‘ldosh monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.


