Tojikistonda yangi qurilayotgan gidro elektr stansiyalari yaqin istiqbolda O‘zbekistonda elektr energiyasiga nisbatan o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun yo‘naltiriladi. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Sorbon Xolmuhammadzoda 4 oktabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti energetika forumida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, SHHT davlatlari Tojikistonda yangi GESlar qurishda faol ishtirok etmoqda.
"Masalan, Tojikistonning Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va foydalanish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikda aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi qisqa muddatda O‘zbekistonda, o‘rta va uzoq istiqbolda esa mintaqaning boshqa mamlakatlariga o‘sib borayotgan talabni qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan" , - deydi u.
Bundan tashqari mamlakat elektr stansiyalari umumiy quvvatini 375 megavattga yetkazish uchun eng yirik GESlarini rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda.


