Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat banklaridan biri orqali “qo‘shni davlatga” qariyb 14 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ chiqarib yuborilganini ma’lum qildi. Bu haqda u moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma'lum qildi.
Prezident Rossiyaga ishora qilgan holda, moliyaviy tashkilot “qo‘shni davlatdan” kelgan 7 trillion tenge (deyarli 14 milliard dollar) mablag‘ni aylantirgani aniqlanganini ta’kidladi.
“Qonun, iqtisodiyot va hatto siyosiy nuqtai nazardan bu — g‘azablanarli holat. Afsuski, moliyaviy sxemalar orqali amalga oshirilayotgan bunday firibgarliklar hanuz uchramoqda”, — dedi To‘qayev.
Mazkur bayonot 2025-yil sentabr oyidan boshlab Qozog‘istonda rossiyaliklarga bank kartalarini masofadan rasmiylashtirishga nisbatan moliyaviy nazorat kuchaytirilishi fonida yangradi. Ayrim shaxslarga olib borilayotgan tergov ishlari haqida xabar berilgani aytilmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat sxemalarida Rossiya fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqami (IIN) olish va bank hisobvaraqlarini ochishda yordam bergan vositachilar ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, 2024-yilda jinoiy daromadlarni legallashtirishda foydalanilgan karta egalarning 90 foizdan ortig‘i norezidentlar bo‘lgan. Yil davomida 24 milliard tenge (47 million dollar) miqdoridagi 6,2 mingta “drop-karta” bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, Qozog‘iston bank kartalarini masofadan rasmiylashtirish holatlari keskin ko‘paygan. Hukumat mazkur sxemalarni bosqichma-bosqich yopib bormoqda.
2024-yildan boshlab IINni masofadan berish taqiqlandi, ilgari berilgan raqamlarning bir qismi bekor qilindi, norezidentlarga bank xizmatlari ko‘rsatish sezilarli darajada qat’iylashtirildi. 2025-yildan doimiy yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hisobvaraqlaridan foydalanish uchun har oy identifikatsiyadan o‘tishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, banklar mijozlarning mamlakatda qonuniy bo‘lishi, daromad manbai va mablag‘lardan foydalanish maqsadini tekshirishi shart bo‘ladi. Vositachilar orqali hisobvaraqlar ochish taqiqlanadi, biometrik identifikatsiya joriy etilib, bank kartalari soniga cheklov qo‘yiladi. Bir shaxs yiliga bittadan ortiq karta ololmaydi.
1000 dollardan ortiq pul o‘tkazmalari hamda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan 25 yoshgacha bo‘lgan mijozlarning hisobvaraqlari alohida nazoratga olinadi.
To‘qayev Qozog‘iston kriptovalyutalar orqali noqonuniy kapital chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kirishini tan olib, bu borada qat’iy choralar ko‘rilayotganini bildirdi. Hozirgacha mamlakatda umumiy aylanmasi 62 milliard tengedan oshgan 130 dan ortiq noqonuniy kriptoalmashuv shoxobchalari yopilgan.


