1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkent IIBBda fuqaro qiynoqqa solingani yuzasidan IIV munosabat bildirdi

Gumondorlarga Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent IIBBda fuqaro qiynoqqa solingani yuzasidan IIV munosabat bildirdi

 

1-may kuni O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmati Namangan viloyatida yashovchi Dilshodjon To‘raxo‘jayev Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida qiynoqqa solingani haqida post eʼlon qildi.

 

Qayd etilishicha, Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12−15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini iddao qilgan.

 

«Surishtiruv, advokatlar va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng maʼlum bo‘ldiki, Dilshodjon To‘raxo‘jayev haqiqatan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, qora maxsus kiyimdagi „ajal farishtalari“ va tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solingan. Advokatlarga ko‘ra, uning badaniga elektroshoker vositasida yetkazilgan zarar siz ko‘rayotgan rasmlarda ham aks etgan. Uning momataloq badanidagi jarohatlar hanuz ketgani yo‘q», — deyiladi jamiyat xabarida.

 

«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-moddasida (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qoldi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

 

Yuqorida keltirilgan xabarga IIV matbut xizmati munosabat bildirdi.

 

IIV xabarida qayd etilishicha, 2023 yilning 12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida «tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruh»ning 10 nafar aʼzolari qo‘lga olingan.

 

«Guruh aʼzolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm „opiy“ giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan», — deyiladi IIV xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan taʼminlangani taʼkidlangan.

«Shuningdek, 6 aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan», — deya qayd etilgan xabarda.

Taʼkidlanishicha, hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan taʼminlangan.

IIV gumonlanuvchining tanasidagi jarohat izlariga quyidagicha munosabat bildirdi:

 

«Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelganliklari, ilgari ko‘chada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan bo‘lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjud».

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика