So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki bola o‘g‘rilari paydo bo‘lganligi haqidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatga Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi boshlig‘i Nilufar Isaxanova rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning shu davriga qadar poytaxtda go‘yoki bola o‘g‘irlangani yoki bola o‘g‘irlanishiga qasd qilingani haqidagi 6 ta xabar tarqaldi. Har bir tarqalgan xabar Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘rganilgan, lekin birorta ham xabar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Ta’kidlash kerakki, Toshkent shahri hududida so‘nggi 5 yil davomida birorta ham bola o‘g‘irlanishi holati sodir bo‘lmagan. To‘g‘ri, voyaga yetmaganlar bedarak ketgan holatlar bo‘lgan, lekin barcha voyaga yetmaganlar topilgan va oilasiga qaytarilgan.
Tahlillarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar aksariyat hollarda oila a’zolari bilan o‘zaro kelisha olmaganligi, ulardan hafa bo‘lganligi yoki turli taz’yiqlarga uchragan holatlarda o‘z xohishi bilan uyidan chiqib ketadi. Kichik yoshdagi bolalar esa uyidan adashib qolgan holatlarda yo‘qolganligi aniqlangan. Ularning barchasi qisqa muddat ichida topilib, sog‘-salomat holatda oilasiga qaytarilgan.
2022-yil davomida 231 nafar voyaga yetmaganlar bedarak ketgan sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning yosh bo‘yicha tahlili quyidagicha:
- 10 yoshgacha 32 nafar;
- 10 yoshdan 14 yoshgacha 32 nafar;
- 14 yoshdan 18 yoshgacha 167 nafar.


