20-oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Lali” o‘zbek taomlari restoranida Novikov Group va Family Garden oshxona ittifoqi tashabbusi bilan “Palov festivali” start oldi. Mazkur gastronomik tadbir bir vaqtning o‘zida to‘rt shahar — Toshkent, Sochi, Krasnaya Polyana va Voronejda o‘tkazilmoqda. Festival O‘zbekistonning boy oshpazlik merosini hamda YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan milliy taom — palovning ramziy ahamiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Festival doirasida “Lali” restoranlari mehmonlari uch hafta davomida O‘zbekistonning turli hududlariga xos palov turlarini tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Brend-oshpaz Ruslan Italmazov boshchiligidagi jamoa mamlakatning gastronomik an’analarini aks ettiruvchi yettita noyob palov turini tayyorladi.
Shulardan ayrimlari:
Choyxona oshi — dumba yog‘ida qo‘y go‘shti va zirk bilan tayyorlanib, pishirilgan sarimsoq, marinadlangan tog‘ piyoz va gurob bilan tortiladi.
Farg‘onacha palov — mol go‘shti, qizil guruch va kavartak qo‘shilgan, suzma va yashil turp bilan dasturxonga tortiladi.
Kabuli oshi — mol go‘shti, no‘xat va mayiz bilan pishiriladi, “Shakarob” salati bilan birga beriladi.
Samarqandcha uy oshi — behi va mol go‘shti bilan tayyorlanib, ayron va achchiq qalampir bilan uyg‘unlikda taqdim etiladi.
“Uch quduq” palovi — mol va qo‘y go‘shti, anor donalari bilan tayyorlanib, pomidor sharbatida tayyorlangan tuzlama bodring bilan tortiladi.
“Palov festivali” 2025-yil 9-noyabrgacha davom etadi va barcha “Lali” restoranlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyiha o‘zbek oshxonasining boyligi va madaniy xilma-xilligini xalqaro miqyosda tanitish maqsadini ko‘zlaydi.


