Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Seul shahrida o‘tyotgan “Koreya – Markaziy Osiyo” 14-hamkorlik forumida ishtirok etmoqda.
Delegatsiya forumning ilk kunida “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik Forumi kotibiyati ijrochi direktori bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston mintaqadagi eng muhim strategik hamkor ekanligi, shuningdek, so‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi iliq munosabatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning jadal tarzda rivojlanishiga turtki bo‘layotganligi taʼkidlandi.
Jumladan, Koreya tomoni hozirda O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar, meditsina, baliqchilik va sanoatni rivojlantirish sohalarida loyihalarni amalga oshirayotgani haqida maʼlumot berib o‘tdi.
Toshkent viloyati va Kyongsanbuk-do provinsiyasi hamda Koreyaning boshqa viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash yo‘lida Kotibiyat tomonidan kelajakda ham tegishli ishlar olib borilishiga alohida urg‘u berildi.
Xususan, tomonlar Bo‘ka tumanida joylashgan “Buka Sports wear” korxonasini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini ko‘paytirish, buning uchun qo‘shimcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish masalasini atroflicha muhokama qilishdi.


