Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi buyurtmachiligida 23 may kuni o‘tkazilgan 500 million so‘mlik davlat xaridida talabgor va g‘olib deb topilgan «A.a.E. S.» MCHJ rahbari (E.B.O.)ning otasi (U.O.E.) ushbu shifoxonada xo‘jalik mudiri va xarid komissiyasining aʼzosi bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, qonunbuzilish holati ro`y berishiga qaramasdan mazkur holat xarid komissiyasi tomonidan eʼtiborga olinmay, nohalol raqobat kelib chiqqanligi o‘rganilmagan hamda holat bo‘yicha tanlovni o‘tkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari ko‘rilmagan. Buning natijasida O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning:
- 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi);
- 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi);
- 19-moddasi (davlat buyurtmachilari);
- 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning talablari buzilishiga va boshqa qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Bundan tashqari, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasiga zid ravishda xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning hujjatlari ushbu shifoxona xodimi tomonidan buyurtmachining xarid komissiya raisi, kotibi, aʼzolari ishtirok etgan va foydalangan kompyuter IP-manzili orqali elektron platformaga yuklanganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holatlar bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 25 may kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi. Shuningdek, qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rovnoma kiritildi.


