Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 4 yoshli qizaloq zo‘rlangani va uni zo‘rlagan shaxs qo‘lga olingani aytilgan xabar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 2020 yilda tug‘ilgan qizni zo‘rlaganlikda gumonlangan 1983 yilda tug‘ilgan erkakka nisbatan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) hamda 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ushlangan.
Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida gumonlanuvchi B.D.ning yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilgan.
Natijada xonadon oshxonasidan 20 dan ortiq yelim idishlarda, maydalangan va quruq holdagi “Marixuana” giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirilib olingan.


