Toshkentda 13-18 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Rossiya kino kunlari” tadbiri tashkil etiladi.
Rossiya kinosi kunlari 13sentyabr kuni Toshkentdagi Yulduz cinema kinoteatrida soat 18:00 da rejissyor Artyom Mixalkovning “Janob Nokaut” (“Mister Nokaut”) kartinasipremyerasi bilan boshlanadi.
19:30 da VGIKning yozgi kinoteatrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kino sanʼatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro memorandumlar imzolanadi. Shuningdek, VGIK Toshkent filiali yangi o‘quv yili uchun talabalikka qabul qilish marosimi hamda gala-konsert taqdim etiladi.
14 sentabr kuni Yulduz cinema kinoteatrida “SHHT kino kunlari” tadbirlari doirasida rossiyalik rejissyor Sergey Osipyanning “Begona odam portreti”, (“Portret neznakomka”), Nikita Vladimirovning “Yuqori himoyalangan ota-onalar” (“Roditeli strogogo rejima”) filmlari namoyish etiladi.
15 sentabr kuni “Butunjahon kino kunlari” tadbirlari doirasida Yulduz cinema kinoteatrida rossiyalik rejissyor Eduard Bordukovning “Uchida” (Na ostriye”), Klim Shipenkoning “Qul” (“Xolop”) kinokartinalari premyera qilinadi. Shu bilan birga, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning milliy filmlari taqdim etiladi.
16 sentyabr kuni Buxoro viloyatida “Buxoro” kinoteatrida ham “Rossiya kino kunlari” tadbirlari o‘tkazilib, rus filmlarining namoyishlari bo‘lib o‘tadi hamda rossiyalik taniqli kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
17 sentabr kuni Kinochilar uyida soat 18:00 da O‘zbekiston va Rossiya hamkorligida suratga olingan rejissyor Eldar Salavatovning “Quyosh taʼmi” (“Solnse na vkus”) kinokartinasi namoyish etiladi.
Shuningdek, kinofestival doirasida Kinochilar uyida OAV vakillari, ijodkorlar va mutaxassislar uchun Jahon mamlakatlari kinematografiya sohasidagi qonunchilikni muhokama qilish, kinofilm ishlab chiqarish va prokatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ochiq mikrofon ham tashkil etiladi.
18 sentabr kuni soat 19:00 da “O‘zbekfilm” kinokonsernida kinofestivalning tantanali yopilish marosimi, anʼanaviy yulduzli qizil yo‘lakcha va shou-konsert taqdim etiladi.


