Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrida nomaʼlum shaxslar bir qizni o‘g‘irlashga uringani aks etgan video tarqalmoqda. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, jabrlanuvchining shaxsi aniqlangan. U 2004 yilda tug‘ilgan qiz bo‘lgan. Ayni paytda u bilan psixologlar va ichki ishlar organlari xodimlari ishlamoqda.
O‘g‘rilikni uyushtirgan yigitning shaxsi ham aniqlandi. U o‘z tanishlari bilan til biriktirgan, 1994 yilda tug‘ilgan A. ismli yigit bo‘lib chiqdi.
“Birinchi o‘g‘rilik uyim yaqinida sodir bo‘ldi. Videoda uchtasi ko‘rinib turibdi. Keyinroq menga tushuntirishlaricha, u kameraga tushishni istamagan. Menda haligacha bitmay kelayotgan kichik chandiqlar qolgan. Boshim lat yegani sababli tez-tez boshim og‘rib turibdi”,- dedi qiz.
Mazkur holat yuzasidan JKning 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) va 138-moddasi (noqonuniy ravishda zo‘rlik ishlatib ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘irlashda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlangan va qo‘lga olingan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


