Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 33 yoshli erkak IIO xodimlari tomonidan qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat bo‘yicha shahar IIBB rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 29 iyul kuni soat 22:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi “Birodarlar qabristoni” hiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo‘lgan jinoiy guruh 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro M.R.ni urib-do‘pposlab, so‘ng avtoulovga majburlab o‘tkazib, nomaʼlum xonadonga olib borib, jabrlanuvchini erkiga zid ravishda ushlab turib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilganlar. Shuningdek, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazgan holda Turkiya davlatida bo‘lgan nomaʼlum shaxslardan go‘yoki 860 ming AQSH dollari miqdorda qarz olganligi haqida majburlab tilxat yozdirib olishgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh aʼzolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro m.R.ni Turkiya davlatida bo‘lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda nomaʼlum xonadonda majburlab ushlab turib, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh aʼzolari nomiga rasmiylashtirishga erishganlar. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo‘rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan, biroq joriy yilning 31 iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.
Toshkent shahar IIBB tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida mazkur uyushgan jinoiy guruh aʼzolaridan 2 nafari, yaʼni 1990 yilda tug‘ilgan U.D. hamda 1991 yilda tug‘ilgan F.X.lar aniqlanib qo‘lga olinganlar. Jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilmoqda.
12 avgust kuni gumonlanuvchi U.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganligini aytib, to‘satdan yiqilib hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay vafot etgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra, gumonlanuvchining o‘limi “Jigar sirrozi og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda, U.D.ning o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha tegishli sudga oid tibbiy-ekspertiza tayinlangan.


