1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda avtomobilni olib qochgan “moykachi” ushlandi

Haydovchini ushlash uchun Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan hamda o‘qotar qurol ishlatilgan.

Toshkentda avtomobilni olib qochgan “moykachi” ushlandi

 

Mirobod tumani, Qo‘yliq – 4 mavzesida joylashgan avtomobil yuvish shahobchalarining biridan, shu yerda ishlovchi 1998-yilda tug‘ilgan Abduraximov Muxamad Shuxrat o‘g‘li, 1995-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli Gentra avtomashinasini olib qochgan. Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, transport vositasini olib qochgan shaxsni ushlash maqsadida Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan.

 

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini katta tezlikda boshqargan va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga hamda yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Olingan maʼlumotga asosan transport vositasi Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan "Yangi O‘zbekiston bog‘i" tomonga harakatlanib ketayotganligi aniqlangan.

 

Natijada soat 09.45 larda Maxtumquli ko‘chasidagi chorrahada Toshkent shahar IIBBYHXB inspektorlari tomonidan yo‘l to‘silib, olib qochilgan transport vositasini to‘xtatish choralari ko‘rilgan. Biroq gumonlanuvchi YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, to‘xtashdan bosh tortgan hamda transport vositasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirib, yo‘lda qarama-qarshi harakatlangan. Natijada 3 ta avtomashinaga qasddan texnik shikast yetkazib, ichki ishlar organi xodimlarining hayotiga xavf tug‘dirgan holda transport vositasini IIO xodimlari tarafga boshqarishda davom etgan.

 

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, avtomashinani olib qochgan shaxs Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan ushlangan. Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash jarayonida boshqa og‘irroq oqibatlarni oldini olish maqsadida «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonuni talablari asosida IIO xodimlari o‘zlariga biriktirilgan o‘qotar qurolni qo‘llaganlar. Maʼlum qilinishicha, qurolni qo‘llash jarayonida hech kimga shikast yetmagan.


Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi ("Transport vositasini olib qochish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика