Toshkentda BMTTD, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati ayollarning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha forum o‘tkazildi. Markaziy Osiyo va Turkiyadan 140 ga yaqin ishtirokchilarni jalb qilgan mazkur forum BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qishloq xo‘jaligi Vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston "Agrar soha ayollari" uyushmasi bilan birgalikda tashkil etilib, Yevropa Ittifoqi tomonidan “EU-AGRIN” loyihasi doirasida moliyalashtirildi.
Forum qishloq xo‘jaligida ayollarning imkoniyatlarini oshirish, ayollar uchun agrobiznesni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish, ekinlarning bioekologik xilma-xilligini o‘rganish va oziq-ovqat ishlab chiqarishda raqamli texnologiyalarni qo‘llash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va birlamchi qayta ishlashda innovatsion yondashuvlar va chorvachilik mahsulotlari, barqaror iqlimni rivojlantirish va moslashtirish, shu jumladan yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi keng ko‘lamli mavzular bo‘yicha ochiq munozara uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi siyosiy bo‘limi rahbari Mindaugas Kacherauskis taʼlim, yer, moliya va texnologiya kabi aktivlardan foydalanish va nazorat qilish orqali qishloq xo‘jaligida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga chaqirdi.
"Bu esa ularning mahsuldorligini, daromadlarini va qaror qabul qilish qobiliyatini oshiradi, shuningdek, gender tengligi va ijtimoiy adolatni rag‘batlantiradi. Foyda avlodlarga tarqaladi va kelajakda yaxshi natijalar ko‘rsatadi", — dedi u.
Tashkilotchilar qishloq xo‘jaligi sohasida ayollarning roli va motivatsiyasini oshirishga birgalikda harakat qilish va tajriba almashish orqali agrosektorda ayollarning salohiyatini oshirish orqali ularning integratsiyasini rivojlantirishga intilishdi. Tadbirda O‘zbekiston ayollarining qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan hissalarini aks ettiruvchi hujjatli film hamda iqlim o‘zgarishi muammolariga moslashib, o‘z hududida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan qishloq ayollarining hikoyalarini o‘z ichiga olgan raqamli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Anas Fayyad Karman o‘zining qabul nutqida qishloq ayollarining butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligidagi muhim rolini taʼkidlab o‘tdi va O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligi sohasida gender tengligini targ‘ib qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
"Ayollar har doim bizning jamiyatimizning asosi bo‘lib kelgan, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida. Ayollar O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ishchi kuchining 40% dan ortig‘ini tashkil etib, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga qarshilik ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi. Qishloq ayollarini qishloq xo‘jaligi faoliyatida yuksaltirish orqali biz nafaqat gender tengligi sari qadam tashlamoqdamiz, balki oziq-ovqat xavfsizligiga ham sarmoya kiritmoqdamiz", — deya qo‘shimcha qilib, qishloq ayollari duch keladigan muammolarni samarali hal qilish uchun jamoaviy imkoniyatlarni kengaytirish, bilim almashish va hamkorlik zarurligini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, xalqaro forumning xorijlik ishtirokchilari qishloq xo‘jaligidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi. U yerda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligiga bardoshli ko‘chatlar taqdimoti o‘tkazildi.
Dastlabki tashrif doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan EU-AGRIN loyihasi doirasida Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutning yetuk olimlarining “Paxtachilik” innovatsion guruhi faoliyati bilan tanishtirildi. Farg‘ona viloyatining tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan, yangi va yuqori salohiyatli g‘o‘za navlari, resurs tejovchi texnologiyalar hamda zararkunandalarga qarshi kompleks chora-tadbirlar taqdimoti.
Shuningdek, institutning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan g‘o‘za biotexnologiyasi laboratoriyasi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu laboratoriya, g‘o‘zaning molekulyar genetikasi, fiziologiyasi, biokimyosi, fitopotologiyasi, hujayra seleksiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Mazkur laboratoriya yordamida tezpishar, tola sifati va miqdor ko‘rsatgichi yuqori, kasalliklarga chidamli, tuproq sho‘rlanishi va suv tanqisliga bardoshli g‘o‘za navlari yaratilmoqda.
Institut bugungi ko‘nda sunʼiy muhitda ko‘chatlarni «In-vitro» usulida yetishtirish orqali ko‘plab mevalarning mahalliy iqlimga mos yangi navlarini yetishtirishga muvaffaq bo‘lgan. «In-vitro» usulida yetishtirilgan ko‘chatlarning anʼanaviy yetishtirilgan ko‘chatlardan afzalligi shundaki, ushbu usulda yetishtirilgan ko‘chatlar sog‘lom o‘sishi, turli xil kasallik va zararkunandalar unga xavf solmaydi. Ko‘chatlar tashqi muhitdan ajratilgan holda sunʼiy idishlarda undiriladi. Bundan tashqari ushbu ko‘chatlar yerga ekish uchun mavsum tanlamaydi. Yilning har qanday faslida ham bemalol ularni ekish mumkinligi mehmonlarni hayratga soldi.
Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligi vazirligining xorijiy mehmonlarga atalgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va Fransiyadan tashrif buyurgan mehmonlar forum doirasida uyushtirilgan tashriflardan mamnunligini, ikkala ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilashdi.
Shu bilan, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Agrar soha ayollari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forum muvaffaqiyatli yakunlandi, unda 180 ga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.


