O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yil 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir arafasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida brifing tashkil etilib, unda TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov jurnalistlarning savollariga javob berdi. Ma’lumot qilinishicha, tadbirning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
—Afg‘oniston yo‘nalishida xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakatlarini, ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi, afg‘on xalqiga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;
—Afg‘oniston yangi hukumati tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablarini (keng vakillik asosida hukumat tuzish, xotin-qizlar huquqlariga rioya qilish va qizlarning to‘laqonli maktab ta’limi olishini ta’minlash) bajarish jarayonini tezlashtirish masalasida xalqaro samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish. Bu Afg‘onistondagi milliy yarashuv jarayonini oxiriga yetkazishning asosiy sharti bo‘ladi;
—Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tomonidan ushbu mamlakat hududidan qo‘shni davlatlar, mintaqaning boshqa davlatlari va butun dunyo xavfsizligi manfaatlariga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha olgan majburiyatlarni tasdiqlash;
—Afg‘onistonning chet eldagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan chekovlarni bekor qilish, shuningdek, mamlakat hududida transport-kommunikasiya va energetika sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligini tushuntirish.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat minglab ish o‘rinlarini yaratishga, afg‘on jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga, balki Afg‘oniston zaminida uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishga xizmat qiladi.
Tadbirda jami 100 ga yaqin xorijiy delegasiyalar qatnashadi. Xususan, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Eron, Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Norvegiya, Pokiston, Rossiya, AQSH, Turkiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ustav organlari rahbarlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, xalqaro moliya institutlari vakillari, shuningdek, ilk marotaba tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon muttakiy boshchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegasiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiyada delegasiyalar rahbarlarining chiqishlari ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, anjuman doirasida Afg‘onistonni rivojlantirish va uning xalqaro jarayonlarga integrasiyalashuvi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning taqdimotlari ham tashkil etiladi:
—“Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar” temiryo‘l qurilishi loyihasi;
—“Surxon-Puli-Humri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi;
—Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabinining faoliyati;
—Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyati.
Shuningdek, Xalqaro konferensiya natijalariga ko‘ra, tashkilotchi mamlakatning bayonoti e’lon qilinishi kutilmoqda.