Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan somsa va osh markazida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd jarayonida 128 kilogramm eshak go‘shti saqlanayotgani fosh qilinganligi haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi rasmiy maʼlumot berdi.
Unga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan aynan xabarda taʼkidlangan reyd tadbiri o‘tkazilmagan va xodimlar tomonidan somsaxonalardan birida eshak go‘shti saqlanayotgani aniqlandi, degan xabarlar hech qanday asosga ega emasligi taʼkidlangan.
Qayd etilishicha, go‘sht mahsulotlarining sifatini o‘rganish va sotuvga chiqarishga ruxsat berish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining emas, balki Veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasi vakolatlariga kiradi.


